Muallif(lar) | Pirimqul Qodirov |
---|---|
Til | oʻzbekcha |
Janr(lar)i | roman |
Oʻzbek tilida nashr etilgan sanasi | 1978 |
„Yulduzli tunlar“ – oʻzbek yozuvchisi Pirimqul Qodirov qalamiga mansub tarixiy roman. Asarda Zahiriddin Muhammad Bobur hayoti haqida soʻz yuritiladi. Qodirov mazkur roman ustida oʻn yil (1969—1978) davomida ish olib borgan[1]. „Yulduzli tunlar“ga „Boburnoma“ hamda „Humoyunnoma“ asarlari asosiy manba boʻlib xizmat qilgan.
„Yulduzli tunlar“ zamonaviy oʻzbek adabiyotining eng sara asarlaridan biri hisoblanadi[2]. Qodirov 80-yillarda „Yulduzli tunlar“ romanining mantiqiy davomi sanalmish Boburning farzandi Humoyun va nabirasi Akbar Jaloliddin Muhammad hayoti haqida hikoya qiluvchi „Avlodlar dovoni“ („Akbar“) romanini yozgan. 1982-yil muallif roman uchun Hamza nomidagi Oʻzbekiston SSR Davlat mukofoti bilan taqdirlangan[3].
„Yulduzli tunlar“ dunyoning bir necha tillariga, jumladan, rus[4][5], qoraqalpoq[6], qirgʻiz[7], qozoq[8], urdu[9], turkman[10], hind[11], bengal[12][13], turk[14] tillariga tarjima qilingan. 2022-yil esa yapon tiliga ham tarjima qilingan[15]. Asar ikki marta ingliz tiliga oʻgirilgan. Ilk bor 2019-yil Samarqand davlat chet tillar instituti xodimlari Ilhomjon Toʻxtasinov, U. Yoʻldoshev va A. Hamidovlar qilgan tarjima „Starry Nights: Babur“ nomi bilan bosilib chiqqan[16]. 2023-yil esa Carol Yermakova Islom Karimov nomidagi fond qoʻllovi bilan qilgan tarjima „Babur: Starry Nights“ nomi bilan chop etilgan[3]. Yermakova tarjimasi Julie Weekenden tahriri ostida „Nouveau Monde Editions“ fransuz nashriyotida bosilib chiqqan.