Vasiliy Vladimirovich Bartold
Tavalludi 15 (3).11.1869
Sankt-Peterburg, Rossiya imperiyasi
Vafoti 19.8.1930
Leningrad, SSSR
Fuqaroligi Rossiya imperiyasining bayrogʻi Rossiya imperiyasi, SSSR bayrogʻi SSSR
Sohasi sharqshunoslik, tarix, filologiya
Mashhur shogirdlari A.N. Genko
I.Yu. Krachkovskiy
R.R. Fasmer

Vasiliy Vladimir Bartold (3(15)-noyabr 1869-yil, Sankt-Peterburg — 1930-yil 19-avgust, Leningrad) — rus va sovet sharqshunosi, turkolog, arabshunos, islomshunos, tarixchi, arxivshunos, filolog; rus sharqshunoslik maktabining asoschilaridan biri. Sankt-Peterburg Fanlar Akademiyasi akademigi (1913-yilda), Imperator Pravoslav Falastin jamiyati aʼzosi. Brokgauz va Yefron ensiklopediyasi hamda „Islom ensiklopediyasi“ning birinchi nashri mualliflaridan biri.

Biografiyasi

Vasiliy Vladimirovich Bartold asli ruslashgan nemis birja brokeri oilasida tugʻilgan. 1887-yilda 8-Peterburg gimnaziyasini tamomlagan. Sankt-Peterburg universitetining Sharq tillari fakultetiga oʻqishga kirgan. 1891-yilda universitetni tamomlagan, 1892-yildan u yerda ishlagan. Otasining mablagʻlari Bartoldga oʻz taʼlimini davom ettirish, shu jumladan chet elda sayohat qilish uchun sarf-xarajatlarni qoplashga imkon berdi.

1899-yilda britaniyalik sharqshunos hamda numizmat Stenli Lan-Buletning „Musulmon sulolalari“ kitobi Bartold tarjimasida tarjimon tomonidan koʻplab tuzatishlar bilan nashr etilgan[1].

1900-yilda „Turkiston moʻgʻullar istilosi davrida“ (1 va 2-qismlar, Sankt-Peterburg, 1898-1900-yillara) nomzodlik dissertatsiyasini himoya qilib Bartold Sharq tarixi fanlari doktori ilmiy darajasini oldi.

U Sankt-Peterburg universitetida dars bergan, har yili Sharq mamlakatlariga sayohatlar uyushtirgan.

1901-yilda Vasiliy Bartold favqulodda, 1906-yilda Peterburg universitetining professori etib tayinlandi. U 1903-yilda tashkil etilgan Markaziy va Sharqiy Osiyoni oʻrganish boʻyicha Rossiya qoʻmitasining kotibi boʻlgan. 1904-yilda Samarqand atrofida arxeologik qazishmalar olib bordi; 1910-yilda Fanlar akademiyasining muxbir aʼzosi, 1913-yilda “Osiyo xalqlari adabiyoti va tarixi” yoʻnalishi boʻyicha akademik etib saylangan[2].

Oktabr inqilobidan keyin Bartold 1921-yilda Osiyo muzeyida tashkil etilgan Sharqshunoslar kollejini boshqargan. Sovet hokimiyatining dastlabki yillaridayoq u hal qilishda ishtirok etgan muhim vazifalardan biri RSFSR va SSSRning oʻz yozuviga ega boʻlmagan xalqlari uchun alifbo tuzish va arab alifbosini kirill alifbosiga almashtirish edi.

Bartold 1926-yilda Bokuda boʻlib oʻtgan I Butunittifoq turkologik qurultoyining ishtirokchilari va tashkilotchilaridan biri edi.

Bartold Oʻrta Osiyoga birinchi marta 1893 yilda kelgan. Keyinchalik bir necha bor Toshkentda boʻlgan. Toshkentdagi Turkiston arxeologiya havaskorlari toʻgaragi tashkilotchilaridan biri. U Fanlar akademiyasi sharqshunoslar kollegiyasining doimiy raisi, Turkiston xalq universitetining faxriy aʼzosi (1918-yilda), Turkshunoslik qoʻmitasining rahbari (1928–1930-yillarda). Moddiy madaniyat tarixi Davlat akademiyasi raisi oʻrinbosari, „Eron“ ilmiy jurnalning muharriri. Bartold Yaqin, Oʻrta Sharq, ayniqsa Oʻrta Osiyo va Arab xalifaligi, islom tarixi, turkiy xalqlar tarixi, filologiya va etnografiyasi, Afgʻonistan, Eron, Zakavkazye va qisman Xitoy tarixiga oid asarlar yozgan. Nashr qilingan 685 asaridan 320 tasi Oʻrta Osiyo tarixiga bagʻishlangan. Bartold Shoʻro Sharqidagi xalqlarniig alifbosini arabchadan lotinchaga oʻtkazishda faol qatnashdi. Uning koʻpgina asarlari oʻzbek, tatar, qirgʻiz, turk, fors, arab, ingliz, nemis va fransuz tillarida nashr qilingan. „Islom ensiklopediyasi“da 246 ta maqolasi bilan qatnashgan. Bartold Oʻrta Osiyo xalqlari tarixi, etnografiyasi va psixologiyasini chuqur oʻrgangan.

Biroq u Turkiston xalqi madaniyatini obyektiv va haqqoniy baholay olmadi, maʼlum darajada uni kamsitdi. Bu uning „Ulugʻbek va uning davri“ asarida aniq seziladi. Chunki Bartold Chor Rossiyasi mustamlakachiligining ideologi edi, u yevropaliklarning osiyoliklardan ustunligi gʻoyasini olgʻa surdi va shu ustunlikni ilmiy va mafkuraviy jihatdan asoslashga xizmat qildi[3].

Akademik V.V. Bartold 1930-yil 19-avgustda vafot etdi. Smolensk lyuteran qabristoniga dafn etilgan[4]. 1963-1977-yillarda 9 jildlik asarlari toʻplami nashr etilgan.

Ilmiy asarlari

Adabiyotlar

Havolalar

  1. Н. Акрамов, Б. А. Литвинский. Выдающийся русский востоковед В.В. Бартольд: научно-биографический очерк. — АНТ ССР, 1963. — 110 с.
  2. Густерин П. В. Коран как объект изучения. — Саарбрюккен: LAP LAMBERT Academic Publishing. — 2014. — С. 47. — ISBN 978-3-659-51259-9.
  3. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil.
  4. Бартольд В. В., (1869—1930), востоковед.