Nurulloh Muhammad Raufxon | |
---|---|
Asl ismi | Nurullo Otaxonov |
Tavalludi |
14-fevral 1955-yil |
Taxallusi | Nurulloh Muhammad Raufxon |
Ijod qilgan tillari | Oʻzbek tili |
Fuqaroligi |
O‘zbekiston SSR Oʻzbekiston |
Taʼlimi | 1981-yili Toshkent davlat universitetini tamomlagan |
Nurulloh Muhammad Raufxon (asl ismi Nurullo Otaxonov, 14-fevral 1955-yil, Oʻzbekiston tumani, Fargʻona viloyati, Oʻzbekiston SSR) — oʻzbek yozuvchisi, jurnalist, muharrir, ssenariychi. „Bu kunlar“ asari muallifi hamda „Saodat asri qissalari“ asari tarjimoni.
Nurulloh Muhammad Raufxon 1955-yil 14-fevral Fargʻona viloyati Oʻzbekiston tumanidagi Oyimcha Qaqir qishlogʻida tugʻilgan. 1981-yilda Toshkent davlat universitetining oʻzbek filologiyasi fakultetini tugatgan[1][2].
Ilk mehnat faoliyatini Surxondaryo viloyat Lenin yoʻli tumanidagi sakkiz yillikka oʻqtishiga ixtisoslashgan maktabda oʻqituvchilikdan boshlagan. 1981–1991-yillarda „Yoshlik“ jurnalida xatlarni hisobga oluvchi, muharrir va boʻlim mudiri, Oʻzbekiston adabiyoti va sanʼati gazetasida muxbir, Mushtum jurnalida mas‘ul kotib vazifasida ishlagan. 1991–2013-yillarda Oʻzbekiston musulmonlari diniy idorasiga tegishli boʻlgan „Movarounnahr“ nashriyoti bosh muharriri, „Sharq yulduzi“ jurnalida boʻlim mudiri va „Hidoyat“ jurnalida bosh muharrir, 2010-yildan „Movarounnahr“ nashriyoti bosh direktori vazifasida faoliyat oli borgan[1][3][4]. 2013-yilning oxirida ayrim noaniq sabablarga koʻra „Movarounnahr“ nashriyoti bosh direktori va „Hidoyat“ jurnalida bosh muharriri lavozimidan boʻshatilgan[3][5].
Nurulloh Muhammad Raufxon „Bu kunlar“ asarida Islom Karimov davrida olib borilgan siyosatni tanqidga olgan, muxolifatga nisbatan tazyiqlar ochiq bayon qilgan va bu asari eʼlon qilinishi tufayli yozuvchiga nisbatan tahdidlar boshlanib, uning nomi qora roʻyxatga kiritilgan, Turkiyada boʻlib turgan paytida Nurulloh Muhammad Raufxon qidiruvga berilib, Toshkentdagi uyida tintuv oʻtkazilgan[6].
Nurulloh Muhammad Raufxon 2017-yil 8-avgustda Facebook sahifasida oʻzini „qora roʻyxat“dan chiqarishganini eʼlon qiladi[7]. Oʻzbekistonda hokimiyat almashishidan keyin boshlangan oʻzgarishlar sababli nomi „qora roʻyxat“ga kiritilgan fuqarolarning oqlanayotgani, prezident Shavkat Mirziyoyevning shaxsan xorijdagi oʻzbekistonliklarni vatanga qaytishga daʼvat etishi[8][9] ortidan Nurulloh Muhammad Raufxon Oʻzbekistonga qaytish qaroriga kelganini Facebookdagi sahifasi orqali eʼlon qilgan va Oʻzbekistonda islohotlar boshlanganligi, muxoliflarga munosabat oʻzgarayotgani haqidagi qarashlardan keyin Oʻzbekistonga qaytishga ahd qilgan ilk faollardan bir boʻldi[10][6].
Nurulloh Muhammad Raufxon 2017-yil 17-sentyabrida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevga xat yoʻllagan[11][12].
Nurulloh Muhammad Raufxon 2017-yil 27-sentyabrda Turkiyadan Oʻzbekistonga qaytgach, Toshkentdagi Islom Karimov xalqaro aeroportida ekstremistik adabiyotlar targʻibotida ayblanib, hibsga olingan[13][14][6][15][16] va unga nisbatan Oʻzbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 159-moddasi bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, 159-moddaning 1-qismi hamda 244-1-moddaning 3-qismi „g“ bandi bilan ayblov eʼlon qilingan[17][18][14][15][19]. Yozuvchining hibsga olinishi jamoatchilik orasida, ayniqsa, koʻproq ijtimoiy tarmoqlarda keskin norozilikka sabab boʻladi. Shuningdek, mamlakatdagi bir nechta taniqli yozuvchilar ham yozuvchiga qilingan ayblovga nisbatan oʻz noroziliklarini bildirishadi. Yozuvchini ozodlikka chiqarishni soʻrab, change.org saytida prezident Shavkat Mirziyoyev nomiga yozilgan murojaatga yuzlab oʻzbekistonliklar imzo chekishdi[20][21][22]. 2017-yil 1-oktyabr kuni Nurulloh Muhammad Raufxon qamoqdan ozod etiladi[23][24][20][3][21], lekin Ichki ishlar vazirligi uni „qidiruvdagi jinoyatchilar“ roʻyxatidan olmagan. Nurulloh Muhammad Raufxonga ochilgan jinoiy ish hozirgacha tugatilmagan[25].
Nurulloh Muhammad Raufxonning 1984-yilda hammualliflikda „Yoʻl boshida“ toʻplami, 1985-yilda „Dunyo keng“ hikoyalar toʻplami, 1987-yilda „Shu yerlik kishi“ qissa va hikoyalar iborat kitobi, 2014-yilda „Etakdagi kulba“ toʻplami nashr qilingan[1][2].
Sevgi haqida „Oq bino oqshomlari“ hikoyasi "Sharq yulduzi" jurnalida nashr qilingan va „Yilning eng yaxshi hikoyasi“ deb topilgan[3][10]. Yozuvchining bu hikoyasi Turkiyada Ovroosiyo Yozuvchilar birligining „Kardeş Kalemler“ („Qardosh qalamlar“) jurnalida Veli Savaş YELOK tarjimasida turk tilida ham chop etilgan[26]. Nurulloh Muhammad Raufxon ushbu hikoyasi asosida „Oq bino oqshomlari“ badiiy filmi ssenariysini oʻzi yozgan[2]. Shuningdek, Alisher Navoiyning „Layli va Majnun“ dostoni asosida ikki qismdan iborat badiiy filmning ssenariysini ham yozgan[2]. Ssenariy 1991-yilda kinoqissa sifatida „Sharq yulduzi“ jurnalida chop etilgan.
Yozuvchi turk, gurji, xitoy va rus adabiyotidan bir qator asarlarni tarjima qilgan. Jumladan, rust tlidan yozuvchi Temur Poʻlatovning „Toroziy toshbaqasi“ (ruscha: „Cherepaxa Tarazi“) romanini, „Shinavanda“ (ruscha: „Zavsegdatay“) qissasini oʻzbek tiliga tarjima qilgan.
Turkiyalik yozuvchi Ahmad Lutfiy Qozonchining „Saodat asri qissalari“ (turkcha: „Saadet Devrınden“) asarini oʻzbek tiliga tarjima qilgan, asar „Sharq yulduzi“ jurnalida toʻliq chop qilingan, keyinchalik kitob holida 8 marta qayta chop etilgan[1][4].
2019-yilda Nurulloh Muhammad Raufxonning „Qiyomat“ („Jarchi“) hikoyasi Mahmud Qoshgʻariy nomidagi xalqaro tanlovning Oʻzbekiston bosqichida 1-oʻrinni olgan. Bu hikoya Turkiyada Ovroosiyo Yozuvchilar birligining „Kardeş Kalemler“ („Qardosh qalamlar“) jurnalida chop etilgan[27].
Nurulloh Muhammad Raufxon 2015-yilda Istanbuldagi Ferfir nashriëti taklifiga koʻra, Turkiyaga kelgan[5] va uning „Bu kunlar“ asari Turkiyada nashr etilgan[5][10]. 2016-yilda esa oʻzining veb-sahifasida (nurullohuz.com) chop etgan[28][29]. Asarning eʼlon qilinishi yozuvchining Turkiyadagi ijodiy safariga toʻgʻri kelgan.
„Bu kunlar“ kitobida mamlakatdagi diniy siyosat, yoshlarning nima sababdan turli ekstremistik oqimlarga qoʻshilib ketayotgani haqida bayon etilgan. Asarda buning sabablari faqat ekstremistik oqimlar emas, balki diniy idoralar faoliyati ham talabga javob bermayotganligi toʻgʻrisida, kitob ijtimoiy-siyosiy asar emasligi, unga baho berishni diniy idora emas, balki adabiy jamoatchilik, siyosatshunoslar berishi kerak, deb fikr bildirgan[30]. „Bu kunlar“ asari Oʻzbekiston Respublikasi Din ishlari boʻyicha qoʻmitasi tomonidan „ekstremistik“ deb topilgan[10][30]. Andijon shahridagi Uygʻur jome masjidining imom xatibi noibi Botirjon Tojiboyev internetda „Bu kunlar“ asariga qarshi maqola eʼlon qilib, yozuvchini sotqinlikda ayblagan[31].