Metonimiya - ikki tushuncha oʻrtasidagi yaqinlikka asoslangan oʻxshashsiz koʻchim. Metonimiyada biror narsa yoki voqea-hodisaning nomi boshqasiga koʻchiriladi, biroq bu nomlash narsalar oʻrtasidagi oʻxshashlikka emas, balki ular oʻrtasidagi yaqinlikka, aloqadorlikka asoslanadi.
Masalan: Barmog'imni kesib oldim
Bu koʻchim bir qancha koʻrinishlarga ega:
1. Kishi yoki narsaga xos xususiyat oʻsha kishi yoki narsaning nomiga oʻtkaziladi:
Ahyon-ahyon gazetlarda koʻrinasan,
Oʻqiguncha yopishaman juda jazman.
2. Muallifning nomi uning asari oʻrnida qoʻllaniladi:
Fuzuliyni oldim qoʻlimga,
Majnun boʻlib yigʻlab qichqirdi...
3. Biror narsaning harakati yoki uning natijasi shu harakatni bajaruvchi qurolning nomiga koʻchiriladi: Uning perosi qasos oʻti bilan yonadi.
4. Biror narsani u yasalgan material bilan almashtirib ataladi:
Poʻlat qush ham qomatin rostlab,
Bulutlarni etar tumtaraq.
5. Maʻlum joydagi kishilar maʻnosi shu joyga koʻchiriladi: Majlisga butun qishloq keldi. (Abdulla Qahhor)