Merkitlar, markitlar, makritlar — Markaziy Osiyoda oʻrta asrlarda yashagan eng jangovar va koʻp sonli qabilalardan biri. 12-asr oxiri 13-asr boshlarida Selenga daryosining boʻylarida merkitlarning 3 qabilaviy ittifoqi (uduit, kaat va uvas) mavjud boʻlgan. Uduit — merkitlar 4 uruqqa boʻlingan: uykur, mudan, tudakli va jiyun. Ularning xoni Toʻqtabegi (Toʻxtabiki) boʻlgan.
Merkitlar yaqin qoʻshnilari — kerayitlar, tatarlar va moʻgʻullar bilan doim urushib turgan. Hujumlarning birida ular Chingizxonning xotini Borteni asirga olishgan. Keyinchalik kerayitlar xoni Vanxon Toʻgʻril Borteni Chingizxonga qaytarib yuborgan. Merkitlar 1204-yilda Chingizxon tomonidan butunlay tormor etilgan. Chingizxonning suyukli xotinlaridan biri — Kulon xotun merkitlardan boʻlgan.
13-asrda merkitlarning maʼlum qismi Movarounnahrga koʻchib oʻtgan va keyinchalik Amir Temur qoʻshinlari tarkibida harbiy yurishlarda qatnashganlar. Merkitlarning qolgan qismlari turli xalqlar: moʻgʻul, qozoq, qirgʻiz, oʻzbeklarning tarkibiga singib ketishgan. Merkitlar kerayitlar bilan aralashib oʻzbeklarning kenagas urugʻi tarkibiga, argʻin va baʼzi turkman urugʻlari bilan aralashib oʻzbeklarning laqay urugʻi tarkibiga qoʻshilgan. 1926-yil Turkmanistonning Chorjoʻy tumanida 2780 merkit qayd etilgan.
Ushbu maqolada Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi (2000-2005) maʼlumotlaridan foydalanilgan. |