Iqto, iqtoʼ, iqta (arab.) — Movarounnahr, Yaqin va Oʻrta Sharq mamlakatlarida oʻrta asrlarda hukmdor tomonidan katta xizmatlari evaziga inʼom qilingan chek yer. I. egasi iqtodor deb atalgan. I. haqida dastlabki maʼlumotlar 7-asroxiriga mansub arab manbalarida uchraydi. Hukmdor I.ni istagan vaqtida qaytarib olib boshqa kishiga tortiq qilishi ham mumkin boʻlgan. 9-asrda xalifa tomonidan amirga idora qilish uchun berilgan viloyatlar ham I. deb atala boshlangan. Abu Ab-dullo Xorazmiy I.ning kelib chiqishini izohlab, "Mafotix ul-ulum" ("Il-mlarning kalitlari") asarida bunday deb yozadi: "Sulton tomonidan biror kishiga tortiq qilib berilgan yer I. deb ataladi va uning mulki boʻlib qoladi". I. yerlari davlat mulki hisoblangan. 10-asrdan boshlab xususiy mulkka aylana boshlagan. Amir oʻzi hukmronlik qilayotgan ushbu viloyatlar soli-gʻini butunlay yoki qisman oʻzlashtirish huquqiga ega boʻlgan. I. 9—13-asrda Movarounnahr va Eronda ham (saljuqiylar, qoraxoniylar va hulokuiylar davrida) keng tarqalgan. Temuriplar davrida I. oʻrnida tiul va suyurgʻol, boburiylar davrida esa jogir atamalari qoʻllangan.

Adabiyot

Manbalar

  1. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil