Hazratbegim | |
---|---|
Tavalludi |
4-noyabr 1740-yil yoki 1741-yil |
Vafoti |
1774-yil Afgʻoniston |
Turmush oʻrtogʻi | Ahmadshoh Durroniy |
Otasi | Muhammadshoh |
Onasi | Sohiba Mahal |
Hazratbegim (forscha: حضرت بیگم; pushtucha: حضرت بېګم; yana Hazrat Mahal[1][2], Sohibabegim[3]; 4-noyabr 1740-yil yoki 1741-yil, Dehli, Hindiston — 1774-yil, Afgʻoniston) — boburiy malika, boburiylar davlati hukmdori Muhammadshohning qizi, durroniylar sulolasi shohi Ahmadshoh Durroniyning rafiqasi.
Hazratbegim boburiylar sulolasi hukmdori Muhammadshoh va malika Sohiba Mahalning[4] qizi boʻlib, 1740-yil yoki 1741-yil 4-noyabrda Dehlida tavallud topgan. 1748-yil aprelda Muhammadsho vafot etadi va taxtga malikaning ukasi Ahmadshoh chiqadi[5]. Hukmdorning onasi Qudsiyabegim marhum podshohning boshqa rafiqalari va farzandlari taʼminoti uchun hukumat ajratilgan mablagʻlardan tashqari, oʻz hisobidan ham moddiy koʻmak berib turgan[6].
1754-yil 26-mayda Ahmadshoh safar chogʻida marathalar yetakchisi Malhar Rao Holkar tomonidan hujumga uchraydi[3][7]. Ahmadshoh Sikandrabad (Iskandarobod) orqali chekinayotib, oʻzi bilan birga Hazratbegim, onasi Qudsiyabegim, oʻgʻli Mahmudshoh va sevimli rafiqasi Inayetpuri Baini olib, boshqa malikalar va qarindoshlarini dushmanga qoldirib ketishga majbur boʻladi[8].
1756-yil fevral oyida beqiyos goʻzalligi bilan mashhur boʻlgan 16 yoshli Hazratbegimga 60 yoshli Olamgir II sovchi qoʻyadi. Shu maqsadd Olamgir II malikaning onasi Sohiba Mahal va vasiysi Bodshohbegimlarga bosim qiladi[9]. Hazratbegim 60 yoshli hukmdorga turmushga chiqishdan koʻra oʻz joniga suiqasd qilishni afzal biladi, natijada Olamgir II malikani oʻz nikohiga ololmaydi[9].
1757-yil aprelda poytaxt Dehlini afgʻonlar talon-toroj qilgandan soʻng, durroniylar sulolasi shohi Ahmadshoh Durroniy marhum Muhammadshohning qizi Hazratbegimga uylanishni xohlab qoladi[10]. Vasiysi Bodshohbegimning qarshligiiga qaramasdan 35 yoshdagi Ahmadshod Durroniy 1757-yilning 5-aprelida Dehlida malikani majburlab, oʻz nikohiga oladi[11]. Toʻy marosimidan soʻng Ahmadshoh Durroniy malika bilan ona yurti Afgʻonistonga qaytib ketadi. Afgʻonistonga ketayotgan Hazratbegimni kuzatishda Bodshohbegim, Sahiba Mahal va bir necha malikalar hamrohlik qilishgan[11]. Hazratbegim 1774-yilda vafot etgan.