Andijonsoy | |
---|---|
Andijonsoyning Andijon shahridan oqib oʻtuvchi qismi | |
Tavsif | |
Uzunligi | 76,7 |
Suv sarfi | 45,0 m³/s (suv oʻtkazish imkoniyati) |
Suv oqimi | |
Boshlanishi | Qoradaryo |
· Boshlanish joyi | Kampirravot toʻgʻoni |
· Balandligi | ~800 m |
Quyilishi | Katta Fargʻona kanali |
· Quyilish joyi | Qoradaryo trakti boshiga yaqin |
· Balandligi | ~460 m |
Joylashuvi | |
Davlat | Oʻzbekiston |
Tuman | Andijon tumani |
Andijonsoy |
Andijonsoy — Andijon viloyatining Qoʻrgʻontepa, Jalaquduq va Andijon tumanlaridan oqib oʻtuvchi[1], eramizdan avvalgi 2-ming yillikda paydo boʻlgan qadimiy kanal[2]. Andijon viloyatining koʻpgina tumanlarining ekinzorlarini suv bilan taʼminlashga xizmat qiladi[3]. Geograf Anatoliy Reyngard Andijonsoyni (Shahrixonsoy bilan birga) sunʼiy yaratilgan daryo sifatida xarakterlagani bois, u koʻpincha daryo deb nomlanadi[4].
Andijonsoy tarixan Oʻsh mahallalari ichidan oʻtib, Andijonga kirib borgan[5]. Andijonsoyga suv Qoradaryodan quyiladi.
Andijonsoyning umumiy uzunligi 76,7 kilometr, suv oʻtkazish imkoniyati 45,0 m³/s. Andijon[6] — Janubiy temir yoʻl stansiyasi hududidagi oqim tezligi 0,5 m/s ni tashkil qiladi[2][7].
Andijonsoy qadimiy kanal boʻlib, paydo boʻlishi eramizdan avvalgi 2-ming yillikka toʻgʻri keladi[2]. Kanal Andijon adirlarini kesib oʻtuvchi vodiy orqali oʻtadi[2]. S. Bogatiryovning taʼkidlashicha, kanallar nomidagi "soy" oʻzagi eski daryolar va qurib qolgan irmoqlar negizida barbo etilgan daryolarni anglatadi[8]. Hozirgi Andijonsoy vodiysi hududi boʻylab avvallari tabiiy Akbura daryosi oqib oʻtgan[9]. Uning kanali keyinchalik Andijonsoy kanaliga tutasha boshlagan (hozirda Akbura yuqori oqimdan arib oʻtmoqda). Suv oqimi mavjud boʻlgan davrda tektonik koʻtarilish tufayli Andijonsoy uch pogʻonali vodiy hosil qilgan[10].
Andijonsoy suv quyilish joyidan yuqori qismda mustaqil daryo sifatida, Qoradaryoning suvi quyilishidan unchalik ham qaram boʻlmagan holda harakatlanadi. Bu yerda Andijonsoy asosiy shlyuz berkilgan taqdirda ham qurib qolmaydi va hech qachon muzlamaydi (Qoradaryoning oʻzida qirgʻoq boʻylab qisqa muddatli muz hosil boʻlishi mumkin)[11].
Andijonsoy taxminan 800[12] metr balandlikdan Andijon suv omboriga suv zahiralash uchun Qoradaryoni toʻsib turuvchi Kampirravot toʻgʻonidan[13] boshlanadi[14].
Kanal gʻarbga tomon oqadi. Andijon shahridan yuqorida esa shimoli-gʻarbga buriladi, soʻngra shahar hududidan shimoliy yoʻnalish boʻylab oʻtadi[1]. Shaharning quyi qismida yana gʻarbga yoʻnaladi, kanal tugash qismidagi qolgan suvlar 460 metr[2][6] balandlikda joylashgan Katta Fargʻona kanaliga quyiladi[1][2].
Qoʻrgʻontepa, Jalaquduq, Andijon, Oltinkoʻl tumanlaridagi ekinzorlarni suv bilan taʼminlaydi. Shuningdek, kanalning suvi Andijon shahrida Andijon biokimyo zavodining ehtiyoji va gulzorlarni sugʻorish uchun ishlatiladi[3].
Andijonsoydan Ishkol, Joʻraboy, Dehqon, Yangi Koʻtarma, Qatortol, Koʻk Gumbaz, Xoʻtan, Qoʻshariq, Derivatsiya kabi 10 ga yaqin katta-kichik kanallar va 30 ga yaqin mayda dahanalar suv oladi. Andijonsoyda 6 ta yirik suv taqsimlash inshootlari qurilgan (ulardan 3 tasi telemexanika vositalari bilan jihozlangan). Andijonsoydan Andijon tumanidagi va viloyatning boshqa sharqiy hamda gʻarbiy tumanlaridagi, shuningdek, Yomonadir mavzeidagi ekinzorlarga nasoslar yordamida suv chiqariladi[3].
Ushbu maqolada Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi (2000-2005) maʼlumotlaridan foydalanilgan. |